.

Hindistondagi Adani Group konglomeratiga asos solgan va uni boshqarayotgan Gautam Adani Reliance Industries rahbari Mukesh Ambanini ortda qoldirib, Osiyoning eng boy insoni maqomini yana qo‘lga kiritdi. Bu haqda bugun, 17 aprel kuni yangilangan “Bloomberg Billionaires Index” reytingi ma’lumotlarida qayd etildi.
Adanining umumiy boyligi 92,6 milliard dollarga yetgani unga jahon reytingida 19-pog‘onani, mintaqada esa birinchi o‘rinni egallash imkonini berdi. Ambanining sarmoyasi esa 90,8 milliard dollarga baholanib, u global ro‘yxatda 20-o‘rinda qayd etilgan.
Bu muvaffaqiyatning asosiy sababi sifatida Adani Group aksiyalari qiymatining oshgani ko‘rsatilmoqda. Yil boshidan buyon kompaniyaning energetika, aeroportlar va port logistikasi sohalarida faoliyat yurituvchi tuzilmalari aksiyalari qimmatlashgani natijasida Adanining boyligi 8,1 milliard dollarga ko‘paygan. Shu bilan birga, shu davr mobaynida Ambanining kapitali 16,9 milliard dollarga kamaygani kuzatilgan. Osiyoning eng boy uchligi esa ByteDance asoschisi Chjan Imin (68,7 milliard dollar) bilan yakunlanmoqda.
Jahon miqyosida esa katta farq bilan Tesla va SpaceX kompaniyalari bosh direktori Ilon Mask yetakchilikni saqlab turibdi — uning boyligi 656 milliard dollarga baholangan. Ikkinchi pog‘onani Google asoschilaridan biri Larri Peyj (286 milliard dollar), uchinchi o‘rinni esa Amazon asoschisi Jeff Bezos (269 milliard dollar) egallab turibdi. Dunyoning eng boy insonlari orasida eng katta yo‘qotish esa LVMH rahbari Bernar Arnoda qayd etilgan — uning boyligi 44 milliard dollarga qisqargan.
⬅ Orqaga




