.

2026 yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston kompozitorlar uyushmasi binosidagi konsert zalida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, marhuma iste’dodli san’atkor Shirin Abdullayeva xotirasiga bag‘ishlangan “Tugallanmagan qo‘shiq” nomli xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir milliy madaniyatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan yosh ijodkorning yorug‘ xotirasini yod etish, uning boy va mazmunli ijodiy merosini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi. Xotira kechasi O‘zbekiston kompozitorlar uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilib, unda ijod ahli, san’atshunoslar, davlat va jamoat arboblari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.
Tadbir Shirin Abdullayevaning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kirish so‘zi bilan ochildi. Keyin O‘zbekiston kompozitorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullayev marhuma san’atkor asarlarining yaratilish jarayoni, ularning badiiy qiymati va zamonaviy musiqada tutgan o‘rni haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Kechadagi eng ta’sirli lahzalardan biri Rustam Abdullayev tomonidan so‘zlab berilgan ruhiy xotira bo‘ldi. Uning aytishicha, Shirin Abdullayeva bir kecha uning tushiga kirib, nay chalgan. Ana shu ohang kompozitor qalbida chuqur taassurot qoldirgan va aynan shu musiqiy g‘oya asosida u xotira kechasida yangragan kuyni bastalagan. Mazkur asar ilk bor shu kechada ijro etilib, tomoshabinlar tomonidan katta hayajon bilan qarshi olindi.
Xotira tadbirida marhumaning oila a’zolari va ustozlari ham samimiy xotira so‘zlari bilan ishtirok etdi. Jumladan, onasi qizining noyob iste’dodi haqida to‘xtalib, quyidagilarni ta’kidladi:
“Shirin o‘ziga xos kuch va to‘xtovsiz energiyaga ega edi. U bir vaqtning o‘zida turli yo‘nalishlarda ijod qilib, har qanday vazifani bor mehri va mas’uliyati bilan bajarishga intilardi”.
Shirin Abdullayevaning ijodiy salohiyatiga doir yana bir qator yorqin misollar ham keltirildi. Xususan, Xitoyda o‘tkazilgan bayram tadbiri uchun unga qisqa vaqt ichida 8 ta turli xalq tilida qo‘shiq tayyorlash topshirilgan va u bu mas’uliyatli vazifani atigi 15 kun ichida muvaffaqiyatli ado etgan. Shuningdek, uning qo‘shiqlari sahnada raqs bilan uyg‘un holda ijro etilib, musiqa, harakat va obraz bir butun badiiy asarga aylangani ta’kidlandi.
Kecha yakunida Shirin Abdullayeva xotirasiga chuqur ehtirom ifodalanib, uning milliy san’atimizda qoldirgan yorug‘ va o‘chmas izi abadiy ekani alohida qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida, Shirin Abdullayeva 2005 yilda tug‘ilgan. Qisqa, ammo sermazmun ijodiy faoliyati davomida u qo‘shiqchi va ijodkor sifatida keng tan olingan, qator mashhur qo‘shiqlari va xalqaro ijodiy loyihalardagi ishtiroki bilan muxlislar mehrini qozongan. 2023 yilda san’at sohasidagi yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Afsuski, iste’dodli san’atkor 2025 yilda 19 yoshida vafot etgan.
“Tugallanmagan qo‘shiq” xotira kechasi Shirin Abdullayevaning san’atga bag‘ishlangan umri, uning so‘nmas iste’dodi va milliy madaniyatimizda qoldirgan bebaho merosiga bo‘lgan yuksak ehtirom ifodasi sifatida yodda qoldi.
⬅ Назад









