.

Ko‘plab mashhur kinoasarlari orqali O‘zbekistonda ham keng tanilgan turkiyalik aktyor va model Burak Denizning tahlil uchun topshirgan soch va qon namunalarida giyohvand moddalar aniqlangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Yeniçağ” nashri xabar tarqatdi.Ma’lum qilinishicha, tergov jarayonlari doirasida Sud tibbiyot institutida amalga oshirilgan tekshiruvlar natijasida aktyor Burak Deniz, aktrisa Serra Pirinch hamda Enes Gulerdan olingan namunalarda “marixuana” va “kokain” moddalari, qo‘shiqchi Utku Unsalda esa “marixuana”, xonanda Simge Sag‘inda esa dori tarkibida mavjud faol modda aniqlangan.Endilikda Burak Deniz nafaqat jinoiy javobgarlikka jalb qilinishi, balki reklama shartnomalari va hamkorlik kelishuvlaridan mahrum bo‘lishi ehtimoli ham bor. Avval ham Denizning mast holatda turli mojarolar markazida bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi.Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Burak Deniz hozirda 35 yoshda. U kino sohasidagi ilk qadamini 20 yoshida qo‘ygan bo‘lib, Shenay Gurler va boshqa aktyorlar ishtirok etgan “Kollej kundaligi” nomli yoshlar seriali orqali debyut qilgan. Keyinchalik “Qochoq” seriali orqali katta shuhrat qozongan. Shuningdek, u qatnashgan “Yoqimtoy aldoqchi qizchalar” (Tatlı Küçük Yalancılar) seriali ham ommalashgan, “Bizning hikoya” seriali orqali esa aktyor xorij auditoriyasiga ham tanilgan.Eslatib o‘tamiz, avvalroq Burak Deniz politsiyaning giyohvandlikka qarshi o‘tkazgan operatsiyasi doirasida Istanbul shahrida qo‘lga olingan edi. U bilan birga mashhur san’atkorlar Mert Demir, Emre Fel O‘zturk hamda Ender Ero‘g‘li ham hibsga olingan.
⬅ Orqaga










